Poytaxtimizdagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ta’til kunlarida “Gulbahor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam olmoqda. Bolajonlarning boʻsh vaqtlari deyarli boʻlmaydi: qiziqarli oʻyinlar, tanlovlar va musobaqalarda ishtirok etishadi, tabiat bagʻriga sayohat qilishadi.
Bolalarning sevimli maskanlaridan biri bu Alisher Navoiy nomidagi kino saroyidir. Bu yerda ular yangi va eng qiziqarli filmlarni tomosha qilishlari mumkin. Filmdan soʻng oʻgʻil-qizlar voqelikni, bosh qahramonlar taqdirini va aktyorlarning ijro mahoratini muhokama qilishadi. Bu orqali esa bolalarda fikrlash va tahlil qilish qobiliyatlari shakllanadi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga boʻlgan ekskursiya unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Tarbiyalanuvchilarni institut rektori Ilhom Mamatqulov kutib oldi. Tadbir davomida yoshlarga institut faoliyati, hamkor tashkilotlar, ta’lim yo‘nalishlari va bitiruvchilar, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berdi.
Xayrlashuv chog‘ida u bolalarga maroqli hordiq chiqarishlarini tilab, institutga tashrif buyurgan yoshlarni talabalar orasida ko‘rishga umid bildirdi.