Mehribonlik uyi bitiruvchisi Samatova Galina Ravshanovnaga yangi xonadon topshirildi. Xonadonda yashash uchun barcha yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.
Galina 2005 yilda tug‘ilgan. Toshkent imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumining oshpazlik yo‘nalishini 2024 yil may oyida bitkazgan, hozirda M.Ulug‘bek tumanidagi 312-sonli DMTTda tarbiyachi yordamchi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Toshkent shahar hokimining 07.09.2024 yildagi “Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joy ajratish to‘g‘risida”gi 617-14-0-Q/24-sonli qarori bilan Yangihayot tumanidan xonadon ajratib berildi.
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktabrdagi 656-sonli qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan“Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga asosan amalga oshirildi.
“Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ota-ona qaramog‘isiz, yetim qolgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Ushbu vazifaning ijrosini ta’minlash uchun tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Umid qilamizki, bugungi orzuingiz ro‘yobi katta muvaffaqiyatlaringiz debochasi bo‘ladi”, – deya ta’kidladi Mirobod tumani hokimining o‘rinbosari Saidrasul Saidxanov.
Shuningdek, Galinaga Mirobod tumani hokimining tabriknomasi yetkazildi.
“Anvar Nazarovich sizning har tomonlama rivojlanishingiz uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishda davom etishimizni bildirdilar va sizga kelajakda omad va muvaffaqiyatlar tiladilar” – dedi hokim o‘rinbosari.