Davlatimiz rahbari topshirig‘i, hukumat qaroriga ko‘ra chin yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joylar berish amaliyoti boshlandi. Bunday toifadagi yoshlarga 18 yoshga to‘lganida ko‘p kvartirali uylardan bir xonali, agarda oila qurgan bo‘lsa, ikki xonali kvartira ajratish ko‘zda tutilgan.
Kecha Vobkent tumanida shunday yoshlardan bir nafariga yangi kvartira egasi haqidagi order va xonadon kalitlari Vobkent tuman hokimi, Buxoro viloyati hokimligi hamda Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi masʼullari ishtirokida tantanali ravishda topshirildi.
Vobkent tumanida joylashgan yangi uylardan biriga ota-onasidan erta mahrum bo‘lgan To‘rayev Istam Ibodullayevichning ham xonadoni bor. Gap shundaki, unga bir xonali uyning kaliti topshirildi.
— Yangi yil shodiyonalari arafasida o‘z uyimga ega bo‘lganim men uchun qo‘shaloq shodiyonaga aylandi, — deydi Istamjon. — Biz yoshlarga yaratilayotgan bunday yuksak eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun orzularimizni amalga oshirgan Prezidentimizga mingdan-ming rahmat! Bu otalarcha mehrni Vatanimizga xizmatimiz bilan qaytaramiz! O‘zbekona uslub hamda zamonaviy dizayn asosidagi keng va yorug‘ xonalar menga maʼqul tushdi. Kelgusida oila qursam bunday shinam uyda farzandlarimni bekamu ko‘st ulg‘aytirish uchun barcha sharoitlar muhayyo.