Sharof Rashidov tumanida “Baxtli kelajak” nomli Oilaviy bolalar uyi ochildi. Unga Nigora va Shavkat Alimjonovlar oilasi asos solgan. Davlatimiz rahbarining ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarori tufayli ularning serfarzand oila, bolalarning sho‘x kulgisini tinglashdek azaliy orzulari amalga oshdi. Ular “Mehribonlik” uyidan 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 3 nafar qiz va 2 nafar o‘g‘il farzandlarni asrab olishdi. Va uy "Baxtli kelajak" deb nomlandi. Shuningdek, tumanning boshqa mahallasida yana bitta oilaviy bolalar uyi ochildi. Uni tadbirkor Sharofat va Xolmurod Yariyevlar oilasi tashkil etdi. Ular 6 ta bola - uchta o‘g‘il va uchta qizni tarbiyalashga kirishdi. Bolalarning eng kichigi yaqinda 12 yoshga to‘lgan bo‘lsa, eng kattasi bo‘lsa 3 yanvar kuni 17 yoshga to‘ldi. Qiz tug‘ilgan kunini yangi oilada nishonladi. Yangi hayotga qadam qo‘ygan barcha bolajonlarimizga omad va baxt tilaymiz.