Prezidentimizning 2024 yil 5 fevraldagi 55-son qaroriga muvofiq, Milliy gvardiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali tashkil etish hamda taʼlim-tarbiya sohasida munosib ishtirok etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, oʻtgan vaqt davomida mazkur Qaror ijrosini sifatli taʼminlash maqsadida Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi hamda boshqa vazirliklar bilan hamkorlikda “Oila-mahalla-maktab” tizimi joriy etildi.
Joriy yilning 7 fevral kuni, Davlatimiz rahbarining “Maktab-oila-mahalla” zanjirini mustahkamlash borasida belgilab bergan ustuvor vazifalarining amaliy ijrosi hamda hamkorlikdagi chora-tadbirlar yuzasidan Milliy gvardiya qoʻmondoni hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri boshchiligida oʻtkazilgan tanqidiy yigʻilishning davomi sifatida Milliy gvardiya Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasida viloyatda mazkur yoʻnalishdagi ishlarning bugungi holati ishchi guruh oʻrganishlari asosida masʼullar ishtirokida tahlil qilindi.
Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Mamayusupov va Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari F.Boqiyevlar rahbarligida oʻtkazilgan ushbu video selektor koʻrinishidagi yigʻilishda viloyatdagi barcha tumanlardan inspektor-psixologlar va maktab direktorlari, ichki ishlar organlari xodimlari, Mahalla uyushmasi vakillari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi mutaxassislari hamda Milliy gvardiya Toshkent viloyati boʻyicha rahbariyati va ushbu yoʻnalishga masʼul boʻlgan ofitserlar ishtirok etishdi.
Tadbirda umumtaʼlim maktablarida davomatni yaxshilash va oʻquvchilarni maktabga qaytarish borasida oʻquv yili boshidan hozirga qadar, 877 ta umumtaʼlim maktablarida hisobga olingan jami 525 095 nafar oʻquvchidan 510 879 nafari darsda ishtirok etib, davomat koʻrsatkichi oʻrtacha 97,3 foizni tashkil etgani taʼkidlab oʻtildi.
Ammo bir necha bor taʼkidlab oʻtilishiga qaramasdan, hanuzgacha joylarda davomatning haqiqiy koʻrsatkichlarini elektron platformaga kiritmaslik hamda darsga qatnashmagan oʻquvchilarni baholash holatlari uchrayotgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, “Xavfsiz maktab” konsepsiyasini joriy etish borasida hozirda, maktablarda 77 615 ta videokuzatuv kameralari oʻrnatilgan boʻlib, 15 776 ta videokuzatuv kameralari tegishli Qoʻriqlash boshqarmalariga integratsiya qilinganligi hamda 100 % maktablarga “tashvish” tugmasi oʻrnatilganligi maʼlum qilindi.
Bundan tashqari inspektor-psixologlarning malakasini oshirish borasidagi ishlar ham aytib oʻtilib, ularning xizmat faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha KPI-tizimi joriy etilganligi keltirib oʻtildi.
Yigʻilish davomida sababsiz dars qoldiruvchi oʻquvchilarni aniqlash borasidagi tafovutlarga barham berish, maktablarimizni jinoyatdan xoli xavfsiz hududga aylantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va oʻquvchilarimizni sportga keng jalb etish choralarini koʻrish, oʻquvchi yoshlarimizning sifatli taʼlim olishlarini tashkil qilish uchun maktab maʼmuriyati bilan biriktirilgan inspektor-psixologlarning hamkorlikdagi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, viloyatdagi Mahallalar uyushmasi bilan birgalikda barcha MFY raislari ishtirokida “oila-mahalla-maktab” zanjiri asosida oilalar bilan manzilli ishlash masalalari joylantirish, Davlatimiz rahbarining shu yil 1-sonli qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarini tashkil etish, ularda kam taʼminlangan, nosogʻlom oilalar, yetim bolalar, muammoli oilalar farzandlarini ijtimoiy himoya qilish kabi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni ijrosiga masʼuliyat bilan yondashish zarurligi bildirildi.
Albatta ushbu vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishi, ertangi kunimiz kelajagi boʻlgan bolalarimizni munosib avlod etib tarbiyalashda dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.