Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi yig‘ilishda taʼkidlashicha, mamlakatimizda har bir bola taqdiriga qaratilayotgan eʼtibor tufayli oxirgi yarim yilda “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchasi va “SOS” bolalar mahallalari uyushmasi qaramog‘idagi 1 ming 619 nafar ko‘ngli o‘ksik farzandlarimiz o‘z oilasi va yaqin qarindoshlari tarbiyasiga o‘tkazilgan.
Natijada 10 ta mehribonlik uyi, 3 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi ehtiyoj qolmagani uchun yopilgan.
Qolgan 6 ta “Mehribonlik” va 11 ta kichik bolalar uylarida 1 ming 475 ta o‘rin mavjud bo‘lib, bugungi kunda ularda 897 ta yetim bolalar bor.
«Albatta, bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani, xalqimizning yuksak maʼnaviyati, iymon-insofi va bolajonligini ko‘rsatib turibdi.
Lekin, mamlakatimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, yana-da yaxshi bo‘lar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berishni tezlashtirish choralarini ko‘rish lozim», — dedi Prezident.