Prezidentimiz tomonidan yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilmoqda.
Marg‘ilonlik Kamronbek Ikromov hamda Madinabonu Ubaydullayevalar ham ota-onalarining vafotidan so‘ng buvilarining vasiyligiga olingan edi.
Davlatimiz rahbarining cheksiz eʼtibor va g‘amxo‘rliklari ostida shahar hokimligi tashabbusi bilan bugun K.Ikromov va M.Ubaydullayevalarga barcha zamonaviy qulay shart-sharoitlarga ega kvartiralar kalitlari shahar hokimi Sh.Nisbatxonov tomonidan tantanali topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi podpolkovnigi O.Abdullayev, sektor rahbarlari hamda mahalla faollari, nuroniylar ishtirok etdilar.
Hozirgi kunda Farg‘ona davlat universitetida imtiyozli ravishda davlat granti asosida 2-bosqichda taʼlim olib kelayotgan Madinabonu Ubaydullayeva va o‘z tadbirkorligini boshlash arafasida turgan Kamronbek Ikromovlar ko‘rsatilayotgan eʼtiborni o‘zlarining kelajakdagi erishajak muvaffaqiyatlari bilan oqlashga astoydil harakat qilishlarini taʼkidladilar.