Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yilning yanvar oyida joriy etilgan “Mehr daftari” tizimi shu kunga qadar yuzlab yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish imkonini berdi. Bugungi kunda esa bolalarning ehtiyojlarini o‘rganish va amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Kuni kecha Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida 20 nafar o‘g‘il-qizga tantanali ravishda uy jihozlari, noutbuklar, tikuv va kir yuvish mashinalari topshirildi. Bundan tashqari, kasb-hunar ta’limi muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlarga va davolanish uchun moddiy yordam berish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Tadbirda tuman hokimligi, bolalarni himoya qilish sektori hamda Milliy gvardiyaning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.