Joriy yilning 18 avgust kuni Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan Samarqand shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining Shahrisabz shahriga sayohati uyushtirildi.
O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Shahrisabz YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, bu yerda ko‘plab tarixiy obidalar mavjud. Tarbiyalanuvchilar ana shunday o‘ziga xos qadimgi Oqsaroy xarobalari, Ko‘k gumbaz masjidi, "Dor ut-Tilovat" yodgorlik majmuasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Sayohat davomida yoshlar madrasalar ichidan joy olgan kitoblar, sopol idishlar tarixi haqida ham batafsil maʼlumotlarga ega bo‘lishdi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan buyuk tariximiz va meʼmoriy obidalarimiz bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur sayohat, ularni yozgi taʼtil jarayonlarida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish barobarida qo‘shimcha bilim egallashi uchun ham xizmat qildi.