Joriy yilda mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mehribonlik uylari va maxsus maktab internatlarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi masʼulligiga o‘tkazish taklifi ilgari surilgan edi. Qisqa vaqt mobaynida ushbu yo‘nalishda Milliy gvardiya tizimida samarali ishlar qilinishiga erishilmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida bu borada quvonarli natijalarni ko‘rish mumkin. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy muhitga moslashtirish va ota-ona mehridan bahramand bo‘lib voyaga yetishlari uchun "Oilaviy bolalar uyi" lari tashkil etilmoqda. Maʼlumotlarga qaraydigan bo‘lsak, shu kunga qadar Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat hokimligi va xalq taʼlimi boshqarmasi ko‘magida 1-sonli Mehribonlik uyining 28 nafari o‘z oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarilgan, 4 nafari farzandlikka va 27 nafari "Oilaviy bolalar uyi"ga ota-ona qaramog‘iga topshirilgan.
Bugungi kunda Samarqand viloyatining 4 ta tumanida jami 5 ta "Oilaviy bolalar uyi" ochilishiga erishildi. Joriy yilning 7 dekabr kuni esa ana shundan fayzli uylar soni Oqdaryoda tumanida yana bittaga ko‘paydi.
Erta tongdan Oqdaryo tuman hokimligi hamda Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati tumandagi Navoiy MFY Bog‘ibaland ko‘chasi 10 uyda istiqomat qiluvchi Faxriddinovlar oilasi tomonidan tashkil etilayotgan "Oilaviy bolalar uyi"ning ochilish marosimiga tashrif buyurishdi.
Tadbirda tuman hokimi N.Sulaymonov hamda viloyat Milliy Gvardiya boshqarmasi boshlig‘i L.Yaxshilikovlar so‘zga chiqib, 6 nafar (5 nafar o‘g‘il va 1nafar qiz) mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini o‘z oilasi bag‘riga olish bilan ulkan xayrli ishni amalga oshirgan ushbu oila aʼzolarini qutlashdi.
Shundan so‘ng bolajonlar xonadonda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.
Tadbir davomida mutasaddi rahbarlar va tuman hokimligi tomonidan keltirilgan turli sovg‘alar yaxshi niyatlar ila xonadon egalariga topshirildi.