O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligini munosib nishonlash maqsadida “Adolat” SDPning “Har bir farzandga mehr-eʼtibor” loyihasi doirasida barcha hududlarda turli maʼnaviy-maʼrifiy, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilyapti.
Xususan, “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan partiyaning Bo‘ka tumani Kengashi faollari hamkorligida Bo‘ka tumanidagi 15-sonli Mehribonlik uyida “Bolalarga eʼtibor – kelajakka poydevor” mavzusida hayriya tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbir avvalo mehr-eʼtiborga muhtoj bolajonlarning ko‘nglini ko‘tarish, ularni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash, yaxshi kayfiyat ulashish, shuningdek partiyaning asosiy g‘oya va yo‘nalishlari bilan tanishtirish kabi maqsadlarda tashkillashtirildi.
“Davlatimiz tomonidan bolajonlarimizni milliy urf-odatlarimiz, azaliy qadriyatlarimiz ruhida Vatanga va xalqiga sodiq, ilm-maʼrifatli farzandlar qilib tarbiyalash, komil inson bo‘lib ulg‘ayishlarida, mavjud sog‘lomlashtirish majmualari, ijodiyot markazlari, maktabgacha taʼlim muassasalari, o‘quv maskanlari, dam olish oromgohlarida yaratilayotgan shart-sharoitlarni yuqori darajaga yetkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zotan, bugunning bolasi kelajakni aql-zakovati, iqtidor va isteʼdodi bilan qarshi olishi uchun uning zaminini bugundanoq yaratmog‘imiz muhim. Zero, kelajak yoshlarning qo‘lida ekan, uning poydevorini bugundan mustahkamlashga katta eʼtibor berishimiz lozim”, dedi o‘z kirish so‘zida O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi Bobur Mamirov.
Tadbirda el sevgan taniqli sanʼatkorlar va viloyat madaniy markazining yosh ijodkorlari tomnidan namoyish etilgan badiiy chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, ayniqsa yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida homiylar tomonidan bolalarga bayram sovg‘alari topshirildi.
Manba: O‘zbekiston “Adolat” SDP