Namangan shahar Davlatobod tumani Yangi Oʻzbekiston bogʻida oʻquvchi hamda uyushmagan yoshlar uchun "Men Vatanga tayanchman" shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi. Mazkur tadbir yoshlarning Vatanga boʻlgan sadoqatini oshirish, vatanparvarlik ruhini yuksaltirish va harakatchanligiga hissa qoʻshish maqsadida tashkil etildi.
Festival davomida harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari, faxriy qorovul hamda Milliy gvardiya xodimlarning koʻrgazmali chiqishlari yoshlar qalbiga olam-olam quvonch baxsh etdi. Shuningdek, qurol-aslaha va maxsus vositalar haqida yoshlarga maʼlumotlar berildi.
Bu kabi tadbirlar respublikamizning eng chekka hududlarida ham tashkil etilmoqda. Xususan, Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanining 31-sonli maktabida Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar faolligida sport musobaqalari tashkil etildi.
Tadbir doirasida shaxmat, shashka, stol tennisi, arqon tortish va kamondan otish kabi sport turlari boʻyicha bellashuvlar olib borildi. Oʻquvchilar oʻrtasida katta qiziqish uygʻotgan ushbu musobaqalarda ishtirokchilar nafaqat jismoniy mahoratini, balki mantiqiy tafakkuri va jamoaviy birdamligini ham sinovdan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlishdi.