Xorazm viloyatining chekka maxallaridan birida “Men vatanparvarman” shiori ostida o‘quvchi-qizlar ishtirokida ko‘rik tanlov o‘tkazildi.
Urganch harbiy prokuraturasi, Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Qo‘riqlash boshqarmasi hamda harbiy qism va muassasalar bilan hamkorlikda olis hudud va chekka qishloqlarda o‘quvchi-qizlar o‘rtasida “Men vatanparvarman” shiori ostida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Xorazm viloyatining eng olis hududlaridan biri Tuproqqalʼa tumanining chegara oldi maskanida joylashgan 115-sonli maktabda o‘quvchi-qizlar ishtirokida o‘tkazildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, o‘quvchi qizlarni chinakam vatanparvar qilib tarbiyalash, ularning Milliy armiyamiz haqidagi tassavurlarini yana-da boyitish, chekka qishloqlardagi iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda qizlarimizni mardlik-jasurlikda yigitlar kabi shijoatli ekanliklarini ko‘rsatib berishdan iborat.
Ko‘taringki ruhda o‘tgan ushbu ko‘rik-tanlovda 15-sonli maktabning “To‘maris” va “Jasorat” jamoalari o‘zaro bellashdi.
Ko‘rik-tanlovda o‘quvchi qizlarning bilimlari sinovdan o‘tkazilib, ularning Ona Vatanga muhabbat, sadoqat, tinchlik qadri, buyuk ajdodlarimiz va ma’rifatparvar jadidlarimiz siymosi, shuningdek, To‘maris va boshqa ajdolarimiz jasorati aks etgan sahna ko‘rinishlari bilan chiqishlar qilindi.
Bundan tashqari “Vatanparvarlik meni tasavvurimda” mavzusida o‘z qarashlarini tasviriy sanʼat, qo‘l mehnati, she’riyat, jonli ijro va boshqa ijodiy chiqishlarda namoyish etdi. Har-bir jarayon hakamlar tomonidan munosib baholanib borildi.
Ko‘rik tanlov yakuni bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar, faol o‘quvchi qizlar va boshqa ishtirokchilar faxriy yorliq, diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.