Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 17-yanvardagi 26-sonli qaroriga muvofiq tizimga kiritilgan bolalarga tuman hokimligi tomonidan eʼtibor koʻrsatilmoqda. Bunday bolalar muammosi va qiziqishlarini hal etish maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu “Yoʻl xarita” si doirasida aniq chora-tadbirlar va amaliy ishlar rejasi ham ijroga yoʻnaltirilgan.
Bunday bolalarning soni 1-sektor hududida 5 tani tashkil etadi. Sektor hududida boʻlgan tuman hokimi S.Sayidmusayev tuman hokim oʻrinbosari I.Abdumajidov, tuman hokimligi bolalarni himoya qilish shoʻbasi mudiri O.Egamberdiyevlar bilan birgalikda ushbu bolajonlar istiqomat qiladigan xonadonlarga tashrif buyurib, mahalla mutasaddilari ishtirokida ularning holidan xabar oldilar.
Bolajonlarga “Mehr daftari” jamgʻarmasidan tikuv mashinkalari hamda noutbuklar sovgʻa qilindi. Albatta, bunday eʼtibordan mamnun va masrur boʻlgan oʻgʻil-qizlar ham oʻz navbatida, samimiy soʻzlari ila minnatdorchilik bildirdilar.
Maʼlumot uchun: tuman miqyosida bolalar soni 8 nafarni tashkil etadi. Ularga dasturlash tizimini oʻrgatish maqsadida noutbuklar va tikuv mashinalarini sotib olishga tuman hokimligidan 44 million soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi.