Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni “Mehr daftari” elektron platformasiga qo‘shish tartib va tamoyillarini o‘rganishga bag‘ishlangan navbatdagi o‘quv seminari Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu seminar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 yanvar kunidagi 26 son “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «mehr daftari» tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Milliy gvardiya qo‘mondonining bolalarni himoya qilish sektori mutaxassislari, hokimlik idoralari va boshqa manfaatdor tuzilmalarga tegishli buyrug‘i asosida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda hisobotlar bilan Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik F. Abdullayev, Toshkent viloyati Bolalarni himoya qilish bo‘yicha sektori boshlig‘i N. Dehqonova hamda Jamoat xavfsizligi universiteti yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyalash va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi professori pedagogika fanlari doktori Sh. Akramova ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilariga «mehr daftari» tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun mohiyati batafsil tushuntirildi. Asosiy eʼtibor bolalarni “Mehr daftari” bazasiga kiritib undan chiqarish tartib va tamoyillariga qaratildi. Tizimdan ko‘zlangan maqsad bolalarning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiylashuviga ko‘maklashish, ularni o‘z tarbiyasiga olgan oilalarni rag‘batlantirishdan iborat ekani taʼkidlandi. Seminar ishtirokchilari ota-onalar va boshqa qonuniy vakillarning bola tarbiyasidan mahrum bo‘lish sabablarini o‘rganish usullari hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi to‘g‘risidagi maʼruzani ham tinglashdi. Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab oilaviy bolalar uylari faoliyati hamda “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan deputatlik nazorati o‘rnatilishi taʼkidlandi.
Seminar davomida ishtirokchilar savollariga keng qamrovli javob olishdi.