Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi 29 yoshli Azizxo‘ja Akramov onasini eslolmaydi, uning qayerdaligi va nima ish qilishi toʻg’risida ma’lumotga ham ega emas. 9 yoshli Azizxoʻjaning otasi vafot etganidan soʻng, u Qo‘qon shahridagi 12-sonli Mehribonlik uyiga topshirilgan (hozirgi kunda bu ta’lim muassasasi barcha tarbiyalanuvchilari mustaqil hayotga qadam qo‘yganligi hamda oʻz oilasiga ega boʻlganligi sababli o‘z faoliyatini yakunlagan).
Azizxo‘ja 2009-yilda Mehribonlik uyini tamomlagan. O‘shandan buyon Katta Qorako‘l qishlog‘ida bobosining uyida istiqomat qiladi. Dastlab eski hovlining sharoitlari deyarli talabga javob bermas edi, lekin vaqt oʻtishi bilan bino yashash uchun mutlaqo yaroqsiz holga kelgan.
Uchko‘prik tumani hokimi va Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha vakillari tomonidan keng va yorug’ xonasi, hammomi, alohida oshxonasi va hojatxonasi bor Qoʻqon shahrida joylashgan yangi xonadon kalitlari topshirilganda Azizxo‘janing koʻzlari quvonchdan yoshlandi.
– Yangi hayot boshlash uchun ajoyib imkoniyat boʻldi, – deydi Azizxoʻja.
Qahramonimizga yangi xonadonida boshlagan hayotida ulkan omad va zafarlar tilaymiz.