Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlangan qator tadbirlar davom etmoqda. Hususan, Milliy gvardiya qo'mondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti kursant va harbiy xizmatchilari Toshkentdagi 22-Mehribonlik uyida boʻldilar. Biz “Vatan”, “vatanparvarlik” soʻzlarini koʻp eshitamiz. Unga ta'rif berarkanmiz, Vatanga ona soʻzini qoʻshib aytamiz. Bu soʻzning magʻzini chaqish, yurakdan his qilish boshqa masala. Ayniqsa, bolalikdan uning mehrini tuyib oʻsayotgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun Vatan osoyishtaligi posbonlari bilan uchrashuv hayotlarida yorqin sahifaga aylandi. “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” deb nomlangan tadbir tufayli jajji yuraklarning vatanparvarlik kurtaklari yanada barq urdirdi. Chunki harbiy libosdagi akalar ukajonlari davrasiga alohida dastur bilan kelishgandi. Ularning harbiylik maqomi, el-yurt osoyishtaligi, xalqimiz xavfsizligi yoʻlida xizmat mas'uliyati haqidagi hikoyalari oʻquvchi yoshlarda yangi orzularni uygʻotdi. Ayniqsa, harbiylar namoyish etgan qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar, faxriy qorovulning saf mashqlari yoshlar uchun juda maroqli boʻldi. Universitet harbiy orkestri va ansambli jamoasi davraga bayramona ruh bagʻishladi.