Namangan viloyatida “Qo‘riqlash” boshqarmasi Kasaba Uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi bilan hamkorlikda yoshlar uchun sport va madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etadi. Tashkilotchilarning asosiy maqsadi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yozgi taʼtil paytida maktab o‘quvchilarining foydali va qiziqarli dam olishlari uchun sharoit yaratishdan iborat. Milliy gvardiya va kasaba uyushma tashkiloti aʼzolarining tashabbuslariga boshqa idoralar ham qo‘shiladi.
Xususan, "Rahbar va yoshlar" yig‘ilishida ichki ishlar boshqarmalari, bojxona qo‘mitasi, sog‘liqni saqlash sohasi, uy-joy qurilishi va qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, Chust tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda boshqa tashkilot va muassasalarning masʼul xodimlari ishtirok etdi. Uchrashuv qiziqarli muloqot ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi. Yoshlar taʼlim olish imkoniyatlari, shu jumladan, kasb-hunar, ishga joylashish, shuningdek, uchrashuvda ishtirok etgan idoralar va tashkilotlarga ishga kirish imkoniyatlariga katta qiziqish bildirishdi.
Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng, yoshlar uchun stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Kun dasturi faol yoshlar va sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bilan yakunlandi.