Yangi yil bayrami tadbirlari doirasida tizimdagi gvardiyachi va xodimlarning oila a’zolari uchun tashkillashtirilgan mazkur sahna asari, bolajonlarga bayromana tuhfa bo‘ldi. Tomosha davomida Qorqizning Yangi yil arafasida boshidan kechirgan qiziqarli va ibratli voqeylikka boy bo‘lgan sahna ko‘rinishlari rang-barang liboslar hamda quvnoq musiqalar orqali jonli namoyish etildi. Teatr aktyorlari va aktirisalari tomonidan yuqori mahorat hamda zamonaviy yondashuvlar asosida ijro etilgan har bir sahna ko‘rinishi, tomoshabinlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Bolajonlarning quvonchli kulgulari va olqishlari tadbirga yanada samimiylik va bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Teatrning sahna ko‘rinishlarida do‘stlik, mehr-oqibat, yaxshilik va halollik kabi ezgu g‘oyalar targ‘ib etilib, unda bolajonlarni o‘z orzulariga erishishlari uchun kitob o‘qishga va bilim olishga, shuningdek rostgo‘ylik orqali yomon illatlar ustidan g‘alaba qozonish mumkinligi uqtirildi. Tomosha davomida ijodkorlar bolajonlarni ham turli savol-javoblar bilan faol ishtiroklarini ta’minlagan holda quvnoq kuy va qo‘shiqlarga birga raqs tushganliklari yanada esda qolarli bo‘ldi va teatr san’atining yosh avlod tarbiyasidagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida kitob yarmarkasi ham tashkil etildi. Yarmarkada bolalar va kattalar uchun mo‘ljallangan badiiy hamda ma’rifiy kitoblar namoyish etilib, ishtirokchilar o‘zlariga manzur adabiyotlarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.