Bugun Toshkent shahar maktablarida huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni munosabati bilan oʻquvchilar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, taʼlim-tarbiya va ularning kelajagiga masʼuliyatli munosabatni shakllantirish hamda salbiy xatti-harakatlarining oqibatini anglash maqsadida tadbirlar oʻtkazildi.
Tadbir tashkilotchilari sifatida Milliy gvardiya inspektor-psixologlari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari boʻldi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi 145-sonli maktabda oʻquvchilarga maʼmuriy va jinoiy javobgarlik tushunchalari tushuntirilib, qanday huquqbuzarliklar jinoiy jazoga sabab boʻlishi yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkinligi tushuntirildi. Ichki ishlar organlari xodimlari qonunni buzishning huquqiy oqibatlari va bu voyaga yetmaganlar taqdiriga qanday taʼsir koʻrsatayotgani haqida amaliyotdan misollar keltirdilar.
Olmazor, Yunusobod, Uchtepa va Yangihayot tumanlaridagi maktablarda oʻtkazilgan tadbirlarga nafaqat oʻquvchilar, balki ularning ota-onalari ham taklif etildi. Milliy gvardiya va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari yoshlar orasida giyohvandlik va tamaki chekish mavzusini koʻtarishdi. Oʻsmirlar va ota-onalarga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, shuningdek, elektron va anʼanaviy tamaki mahsulotlari yosh organizmga zararli taʼsiri haqida soʻzlab berishdi. Xodimlar ota-onalarning bolani taqiqlangan moddalardan foydalanishda gumon qilinishi mumkin boʻlgan belgilar haqidagi savollariga javob berishdi.
Shayxontohur tumanidagi 10-sonli maktabda “Huquq va bolalar” mavzusidagi profilaktik suhbatdan soʻng, maktab oʻquvchilari virtual reallik koʻzoynaklari yordamida fazoni oʻrganishga bagʻishlangan qiziqarli darsda ishtirok etishdi.