Mamlakatimizda kelajak avlod tarbiyasiga eʼtibor qaratilib, ularni vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqatli ruhda tarbiyalash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda, mehribonlik uylari Milliy gvardiyaga biriktirilgan edi.
Bugun Nukus shahri “Qutli makon” mahallasida yashovchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘riklash boshqarmasi xodimi Salamat Niyetullayev va turmush o‘rtog‘i Gulnara Yembergenovalarning xonadonida “Oilaviy Bolalar uyi” tashkil etildi. Oilaning 2 nafar o‘g‘il farzandi bo‘lishiga qaramasdan, mehribonlik uyining 6 nafar tarbiyalanuvchisini o‘z bag‘riga oldi.
Ushbu tantanali tadbirning ochilish marosimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi buyicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik M.Yusupov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi Qo‘mita raisi D.Qurbaniyazov, Nukus shahar hokimi o‘rinbosari J.Abdijamilov, Mehribonlik uyi direktori S.Son, Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari ishtirok etishdi.
“Oilaviy Bolalar uyi”ning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik M.Yusupov so‘zga chiqib, xonadon egalari davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohatlarga munosib hissa qo‘shayotganligini taʼkidlab, Milliy gvardiya minnatdorchilik xatini topshirdi.
Undan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi Qo‘mita raisi D.Qurbaniyazov so‘zga chiqib, tantanali tadbir bilan barchani tabrikladi.
Mehribonlik uyi direktori S.Son o‘z navbatida bolajonlarga oila bag‘rida ulg‘ayishi uchun sharoit yaratishda katta hissa qo‘shganligi uchun Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga rahmatlar aytdi.
Tadbir davomida anʼanaviy tarzda lenta kesilib, “Yashil makon” shiori ostida daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mehmonlar xonadonga tashrif buyurib, bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.