Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Nur” bolalar oromgohida yozgi taʼtil kunlarini o‘tkazayotgan 30-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari uchun maktab o‘quvchilarining o‘quv yili boshlanishi oldidan, ularga turli o‘yinlar orqali maktab uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollarini to‘plash imkonini beruvchi bayramona tadbir tashkil etildi. Milliy gvardiya “Bolalar psixologiyasi” markazi tashabbusi bilan yuqori saviyada uyushtirilgan tadbirda tarbiyalanuvchi o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va mustaqil hayotga tayyorlash maqsadida “Osh barcha taomlarga bosh” hamda “Yozgi yarmarka” tanlovlari o‘tkazildi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev, Bolalar psixologiyasi markazi mutasaddi rahbarlari hamda tizim harbiy xizmatchilari ishtirok etib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari xursandchiligiga sherik bo‘lishdi.
Tanlovda tarbiyachilar ishtirokchilarga yaqindan yordam berishdi. Taom tayyor bo‘lgunga qadar bolalar turli sahna ko‘rinishlari, go‘zal ashula va raqslar bilan tadbirga yana-da fayz bag‘ishladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, bir-biridan shirin somsa, palov va shu kabi milliy taomlar tayyorlagan jamoalar turli nominatsiyalar bo‘yicha munosib rag‘batlantirildi.
Shuningdek, oromgoh hududida bolalarning qiziqishlarini inobatga olgan holda turli vazifalarni o‘z ichiga olgan 12 ta o‘yin nuqtalari tashkil etildi.
Faol o‘yinlar va mantiqiy savol-javoblar, intellektual viktorinalar va kvestlar, ijodiy mahorat darslari hamda sport musobaqalari bolalar kayfiyatini yana-da ko‘tarib, ularga unutilmas taassurot xadiya etdi.
Bolalar o‘yinlar va musobaqalarda ishtirok etish orqali jetonlar to‘plab, ularni yarmarkaga qo‘yilgan sevimli mahsulotlariga almashtirishlari mumkin bo‘ldi. Ular uchun kiyim-kechak, zargarlik buyumlari, o‘quv qurollari, o‘yinchoqlar va boshqa ko‘plab bolalar uchun kerakli bo‘lgan mahsulotlar taqdim qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda bu kun har bir bola uchun juda mazmunli va taassurotlarga boy tarzda o‘tkazildi.