10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun. O'ttiz yildan oshiqroq vaqt o‘tibdiki, bu musiqa yer yuzida xalqimiz hurligi, davlatimiz mustaqilligi, g‘urur va iftixorimiz, shonu shavkatimiz timsoli sifatida yangrab kelmoqda.
Uning musiqasi muallifi – buyuk bastakor, benazir iste’dod sohibi Mutavakkil Burhonov.
O‘zbekiston xalk artisti Mutal (Mutavakkil) Muzayyinovich Burhonov 1916 yil 5-may kuni Buxoro shahrida tavallud topdi. Tengqurlari orasida nozik qalbi va teran mushohadasi bilan ajralib turadigan Mutavakkil o‘sha davrning mashhur xofiz va bastakorlari Domla Halim Ibodov, Ota Jalol, Ota G‘iyos, Levicha Hofiz singari ulug‘ san’at fidoyilari izidan bordi, musiqa bastalashni chin dildan orzu qildi. Va shu maqsadi sari tinmay intildi, kurashdi, o‘qib o‘rgandi va nihoyat orzulari ro‘yobga chiqdi. Oʻzbeklar orasida eng sevimli qoʻshiqlarga aylangan “Doʻppi tikdim” va “Maftuningman” qoʻshiqlari musiqasini bastalagan. Bastakor oila qurmagan va kamtarona hayot kechirgan.
Bugun buyuk bastakorni xotirasini yod olish va unga hurmat bajo keltirish maqsadida, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Buxoro viloyati Xalq deputatlari Kengashi vakillari, bir qator tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Mutal Burxonovning qabrlariga gul qo‘yildi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari Buxoro shahar Bahouddin Naqshband koʻchasida tashkil etilgan Mutal Burxonov uy-muzeyiga tashrif buyurib buyuk bastakorning hayot va ijod yo‘llari bilan yaqindan tanishish baxtiga musharraf bo‘lishdi.
Buyuk bastakor xuddi bugungi kunlarni bashorat qilganday shunday degan edi: “Butun umrim davomida odamlar yodida qoladigan, sira eskirmaydigan, hamma jo‘r bo‘lib kuylaydigan qo‘shiq yaratish niyati bilan yashadim. Niyatim sof edi. Men Davlat madhiyasi musiqasi muallifi sifatida bugun ana shu niyatimga yetdim. Shuni bilamanki, meni xalqim hech qachon unutmaydi.