Bugun tongda Toshkent shahridagi 30-sonli “Mehribonlik” uyining 129 nafar tarbiyalanuvchisi “Nur” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga dam olishga yo‘l oldi. Oromgoh Bo‘stonliq tumanining so‘lim go‘shasida joylashgan. Tog‘ havosi, tabiat va qiziqarli sport dasturi, intellektual musobaqalar, turli o‘yinlar bolalarga yozgi taʼtilni ajoyib o‘tkazish va oromgoh hamda yangi do‘stlar haqidagi yoqimli xotiralar bilan maktabga qaytish imkonini yaratib beradi.
Sayohat oldidan yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtobus haydovchilariga ko‘rsatmalar berib, bolalarni olib borish qoidalarini eslatdilar. Shuningdek, bolalarga hamroh bo‘lgan tarbiyachilarga avtobusni zudlik bilan to‘xtatish zarurati tug‘ilsa, nima qilish kerakligi tushuntirildi. Shu bilan bir qatorda, bolalarning o‘zlariga ham tog‘li yo‘llarda sayohat qilishda avtobuslarda o‘zini qanday tutish kerakligini tushuntirib berildi. Shundan so‘ng, bolalar karvoni tog‘ tomon yo‘l oldi.