2023 yilning 11-14-avgust kunlari Polsha davlatining Varshava shahrida jahonning turli mintaqalaridagi 21 ta davlatdan kelgan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha VIII-Jahon chempionati o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan poytaxtimizdagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari faxrli II-o‘rinni qo‘lga kiritib, kumush medal sohibiga aylanishdi.
Shuni alohida taʼkidlashimiz kerakki, ular futbolsporti bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan mamlakatlar Portugaliya, Chexiya, Polsha kabi davlatlarning yosh iqtidorli futbolchilari bilan g‘oliblik uchun o‘zaro raqobatlashib, qanday mahoratga ega ekanliklarini amalda ko‘rsatishdi.
G‘oliblar 16-avgust kuni ertalab Toshkent shahridagi xalqaro aeroportda tantanali tarzda kutib olindi. Ularni yaqinlari, o‘qituvchilari va murabbiylari Milliy gvardiya harbiy orkestri sadolari ostida katta hayajon bilan kutib olishdi.
Albatta erishilgan ushbu yutuqlar zamirida bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun tashkil etilgan to‘garaklardagi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan sport mashg‘ulotlari, tinimsiz mehnat yotibdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ishonamizki hozir g‘alabani tantana qilayotgan ushbu yoshlarimiz, kelgusida mamlakatimizga bundanda ulkan yutuqlarni taqdim etishadi.