Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 avgust kunidagi “Bola huquqlari kafolatlarini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6275 sonli Farmonining ijrosi yuzasidan o‘sib kelayotgan yosh avlodni oila bag‘rida tarbiyalash maqsadida, Respublika miqyosida “Oilaviy Bolalar uylari” tashkil etilmoqda.
Jumladan, navbatdagi “Oilaviy Bolalar uyi” Xo‘jayli tumanida joylashgan “Murtazabiy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Xo‘jayli tuman IIB profilaktika inspektori Amangeldi Atamuratov va turmush o‘rtog‘i Sadoqat Bazarbayevalar xonadonida tashkil etildi.
“Oilaviy Bolalar uyi”ning ochilish marosimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik M.Yusupov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik A.Temirxanov, Tuman hokimi J.Yermashev, Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi F.Begashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik M.Kaljanov, sektor rahbarlari, Mexribonlik uyi direktori S.Son, Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik M.Yusupov so‘zga chiqib, xonadon egalarini boshlagan ezgu ishlari bilan tabriklab, Milliy gvardiya nomidan tashakkurnoma va bayram sovg‘asini topshirdi.
Undan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik A.Temirxanov so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohatlarga munosib hissasini qo‘shayotgan xonadon egalari Amangeldi Atamuratov va turmush o‘rtog‘i Sadoqat Bazarbayevalarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, farzandlarining kamolini ko‘rishini tilab qoldi.
Bundan so‘ng, mehmonlar xonadon ostonasida lenta kesib, “Oilaviy Bolalar uyi”ni tantanali tarzda ochishdi.
Tadbir ishtirokchilari xonadonga tashrif buyurib, ezgu niyatda “Yashil makon” shiori ostida daraxt nihollarini ekishdi va bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.