Buxoroda Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda oilaviy bolalar uylari farzandlari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Bolalarni viloyat bolalar tibbiyot markazining terapevt, xirurg, pediatr, oftalmolog, LOR, travmotolog (ortoped), nevropotolog, stomatolog va boshqa malakali mutaxassislari ko‘rikdan o‘tkazishdi. Tibbiy ko‘riklar kasallikni barvaqt aniqlab, o‘z vaqtida davolash imkonini beradi. Bundan tashqari, ko‘rik vaqtida bolalar va ularning ota-onalariga sog‘liqni asrash hamda sog‘lom turmush tarzi borasida maslahatlar berildi. Bolalarga shaxsiy gigiyenaga amal qilish va to‘g‘ri ovqatlanish kerakligi gapirildi, kunni qo‘lda gadjet bilan o‘tkazish kerak emasligi, kompyuter o‘yinlari ko‘zga va ruhiyatga salbiy taʼsir o‘tkazishi, qomatni noto‘g‘ri tutish esa umurtqa va ichki organlarga zarar ekanligi tushuntirildi. Shu tariqa qirqdan ortiq bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.