Davlatimiz rahbarining 2022-yil 4-avgustdagi “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari Kitob, Shahrisabz, Qamashi va Qarshi shaharlarida istiqomat qiluvchi Oilaviy bolalar uylariga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad oʻg’il-qizlarning oʻqish jarayoni, bo‘sh vaqtlarida shug’ullanayotgan qo‘shimcha mashg‘ulotlari va yashash sharoitlarini o‘rganish edi.
Tadbir davomida bolalar va ota-onalar bilan yakka hamda guruh tarzida suhbat o'tkazildi. Suhbatning mavzusi oiladagi munosabat, axloqiy-psixologik muhit, do'stlar bilan muloqot hamda mavjud muammolarni hal etish usullari boʻldi. Bolajonlar ham o‘qigan kitoblari, maktabdagi sevimli fanlari, ularni qaysi kasblar o‘ziga jalb etishi, bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazishi haqida fikr va taassurotlarini soʻzlab berdi.