Joriy yilning 09 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5215-sonli Qarori imzolandi.
Mazkur Qarorga ko‘ra, Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari hamda sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi bolalar uylari Milliy gvardiya xizmatiga biriktirildi.
Bugungi kunda Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, Respublikaning barcha viloyatlarida, “Mehrbonlik uy”larining tarbiyalanuvchilarini oila muhitida tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimiga o‘tish yuzasidan, joylarda “Oilaviy bolalar uy”lari tashkil etilmoqda.
Shu jumladan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar hamda Kitob tumanlarida ham ana shunday yangidan tashkil etilgan “Oilaviy bolalar uyi” bolalarining yashash turmush tarzi va ulardagi shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i polkovnik U.Azimov hamda viloyat halq taʼlimi boshqarmasi bolalalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab quvvatlash shuʼba mudiri B.Ochilovlar ushbu xonadonlarga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida, bolajonlarning taklif va muammolari atroflicha o‘rganilib, ular bilan dildan suhbat qurildi. Milliy gvardiya hamda xomiylar tomonidan tuhfa etilgan sovg‘a-salomlar, ularga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Albatta, murg‘ak qalblarga ko‘rsatilayotgan bu kabi eʼtibor, bolajonlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshishiga xizmat qiladi.