Mamlakatimizda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan usullari asosida ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida joriy qilingan yangi tizim natijasida navbatdagi Termiz shahridagi mehribonlik uyining so‘nggi tarbiyalanuvchilari oila bag‘riga qaytarildi.
Jumladan, Termiz shahrida istiqomat qiluvchi Davlatovlar hamda Xaliqovlar oilasi ezgu ishga qo‘l urib, Termiz shahridagi 12-sonli Mehribonlik uyidan 11 nafar o‘g‘il-qizlarni o‘z qaramog‘lariga olgan holda Oilaviy bolalar uyi faoliyatini yo‘lga qo‘yishdi. Eng quvonarlisi ushbu bolajonlar mehribonlik uyining so‘nggi tarbiyalanuvchilari edilar.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan joriy qilingan yangi tizim, bag‘rikeng xalqimizga yana-da shijoat baxsh etdi. Oliyjanob xalqimiz tomonidan qo‘l urilayotgan ezgu ishlar samarasida, o‘z oilasiga ega bo‘layotgan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari qalbi quvonchga to‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu kungacha Navoiy, Farg‘ona, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqolpog‘iston Respublikasidagi Mehribonlik uylari, o‘z faoliyatlarini yakunlagan edi.