Xiva shahrida yashovchi Yoqubovlar va Karimovlar oilaviy bolalar uylari farzandlari “Iqtidor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yoz kunlarini maroqli o‘tkazmoqdalar. Oromgoh Xorazm viloyati Yangiariq tumanida so‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan.
Bolajonlar uchun har kuni ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari yosh hamyurtlarimizni har tomonlama rivojlantirish uchun xizmat qilmoqda. Kuni kecha bolajonlar ochiq osmon ostidagi muzey – Ichan Qalʼa majmuasiga sayohat qildilar. Bu majmuada 20 ga yaqin madrasa, o‘nlab masjidlar, 12 ta maqbara va ko‘plab xonadonlar mavjud. Tarixiy yodgorliklarning ko‘p qismi 18-19 asrlarga taaluqli. Bolalar uchun butun dunyoga mashhur tarixiy yodgorlik bo‘ylab uyushtirilgan sayohat ona yurt tarixi haqidagi navbatdagi foydali maʼlumot sifatida xizmat qildi.