O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5215-sonli Qarori O‘zbekistonda bu borada qator islohotlar kechishiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetda yangi tashkil etilgan “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyachilari malakasini oshirilishi yuzasidan o‘quv kurslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida 2021 yil oktyabr oyidan 2022 yil may oyigacha sayyor dars mashg‘ulotlarini tashkil etadilar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 24 yanvar – 5 fevral kunlari Sirdaryo viloyatidagi Oilaviy bolalar uyi, Baxt shahridagi Respublika o‘g‘il bolalar ixtisoslashgan taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchilari tutingan onalar, Sirdaryo viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi psixologlarining malakasi oshirildi.
Joriy yilning 5 fevral kuni malaka oshirish o‘quv kursi so‘nggida o‘zlashtirilgan bilimlarni sarhisob qilish maqsadida ushbu tinglovchilardan yakuniy imtihonlar olindi. Imtihonlar 2 bosqichda amalga oshirildi. 1 bosqichda tarbiyachilar malaka oshirish kursi davomida professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilgan materialllar asosida shakllantirilgan test topshirdilar. Ushbu testlarni tarbiyachilar muvaffaqiyatli topshirganlaridan so‘ng, 2-bosqichda bolalarni ijtimoiy himoyalash masalalariga bag‘ishlab tayyorlab kelingan ilmiy-tadqiqot shaklidagi referati taqdimotini bayon qilib berdilar.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli bitirgan tinglovchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topishirildi. Ushbu marosimda Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik I.K.Erbo‘tayev va Yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.S.Rahimov, “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi boshlig‘i podpolkovnik Sh.A.Akramova, Sirdaryo viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash bosh mutaxassisi S.N.Karimova tarbiyachilar, psixologlar va tutingan onalarini o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlari bilan tabrikladilar hamda kelgusidagi faoliyatlarida ularga bildirilgan ishonchni oqlashlariga, fidoyi mehnat olib borishlariga tilaklar bildirdilar. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar esdalik uchun rasmga tushdilar.