Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan 22-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari dam olayotgan “Mehribon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida kecha, 30 iyun kuni birinchi mavsumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bayram Yoshlar kuniga bag‘ishlandi. Bolalar bu kun uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishdi: ular qiziqarli bayram dasturlari tuzishdi, qo‘shiqlar, sheʼrlar yod olishdi, raqslar va musiqiy chiqishlarni sahnalashtirdilar. Homiylar dam oluvchi yoshlar uchun sovg‘a tayyorladilar - bayram dasturxoni yozdilar. Ochilish marosimida mehmonlar so‘zga chiqib, bolalarni bayram va oromgoh mavsumining boshlanishi bilan tabrikladilar. Konsert dasturi olqishlarga sabab bo‘ldi. Ushbu ajoyib kun esa kechki anʼanaviy gulxan yoqish bilan yakunlandi.