Yurtimizda bahorning ilk kunini har yili O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavalludi bilan qarshi olish anʼanaga aylangan. Bugun Adiblar xiyobonida bo‘lib o‘tgan tadbirda shoiraning qudratli ovozi, mayin va mehr to‘la qo‘shiqlari, o‘zbek xotin-qizlarining baxtiyor taqdirini, insonlarning orzularini ifodalagan haroratli sheʼrlari hozirgi kunda ham baland yangrayotgani, millatning faxri ekanligi taʼkidlandi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari Zulfiyaxonimning “Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Qayda o‘z sevinchim”, “Sog‘inib” singari sheʼrlaridan yigʻilganlarga aytib berishgan boʻlsa, xushovoz xonandalar “Oʻrik gullaganda”, “Soʻlim bahor” qoʻshiqlarini ijro etishdi.
Shundan soʻng davlat va jamoat arboblari, shoiraning oila aʼzolari, yozuvchilar, shoirlar, vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari Zulfiya haykali poyiga gulchambarlar qoʻyishdi.