Shu kuni Toshkent shahridagi 22-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari harbiy qismda mehmon bo‘lishdi. Ular harbiylar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, yotoqxona, oshxona, maʼnaviyat va maʼrifat xonasi, o‘quv sinflari, sport zalini ko‘zdan kechirishdi. Undan tashqari yoshlarga harbiy qismdagi mavjud texnikalar, xizmat otlaridan foydalanish tartibi, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda harbiy xizmatchilarni bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Harbiy qismda o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan taqdim etilgan ko‘rgazmali chiqishlar yig‘ilganlar eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.
Shundan so‘ng, yoshlar va harbiy xizmat faxriylari ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida faxriylar tomonidan yig‘ilganlarga mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha sohalar va tarmoqlarda erishilgan ulkan yutuq va marralar, xususan, Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga berilayotgan imtiyoz va yaratilgan sharoitlar, Qurolli Kuchlarning yangi qiyofasi aniq va taʼsirchan misollar orqali keng ochib berildi. Uch avlod uchrashuvi tadbiriga harbiy qismda tashkil etilgan badiiy havaskorlik guruhining ijodiy chiqishlari ko‘tarinki kayfiyatda yakun yasadi.