Bugun Samarqand viloyati Paxtachi tumanida 1-sonli "Oilaviy bolalar uyi"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Paxtachi tuman hokimi, Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
"Oilaviy bolalar uyi"ning ochilish marosimida Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i polkovnik L.Yaxshilikov so‘zga chiqib, xonadon egalari davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohatlarga munosib hissa qo‘shayotganligini taʼkidlab, kun kelib bu kabi savobli ishlar o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.
Paxtachi tumanidagi “Bo‘ston” MFY da yashovchi Tuxtamurodov Shavkat va Turobova Lutfiya opaning yigirma yillik orzulari amalga oshdi. Tuxtamurodovlar oilasi murg‘ak qalblarga ota-onalik mehrini ulashish maqsadida 1-sonli Mexribonlik uyining 7 nafar tarbiyalanuvchilarini o‘z bag‘riga olishdi. Endi ular 5-nafar o‘g‘il va 2-nafar qizlarga ota-onalik qilishib, ularning kelajakda ona yurtiga sodiq xizmat qiladigan, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishishlarida o‘z hissalarini qo‘shishadi.