Omonboy Rajabboyevich hamda Larisa Ashatovnalar juftligi tomonidan Xiva shahrida tashkil etilgan oilaviy bolalar uyi farzandlari mehmon kutishni xush ko‘rishadi. Birinchidan, bu oilaga farzandlikka qabul qilingan 10 nafar bolalarning barchasi o‘z uylari, ota-ona, qarindoshlar, aka-uka va opa-singillari bo‘lishini, oilada baxt va mehrga to‘la muhitda yashashni orzu qilganlar. Shu sababli ham hozirda yuzaga kelgan har bir imkoniyatdan foydalanib, ahil oilasi bilan “maqtanib” kelishmoqda. Ikkinchidan bo‘lsa, mehmon o‘zi bilan birga shodlik va ko‘tarinki kayfiyat, sovg‘alar olib keladi, to‘kin dasturxon yoziladi va dildan suhbatlar bo‘lib o‘tadi. Agar uyga tashrif buyurgan mehmonlar orasida mashhur shaxslar, san’at va madaniyat arboblari, sportchilar, siyosatshunos yoki yuristlar bo‘ladigan bo‘lsa, bolalarni ko‘plab qiziqarli hikoyalar, foydali suhbatlar, ko‘plab yangi bilimlar kutadi.
Vatanimiz Mustaqilligining 32 yilligi arafasida mazkur oilaviy bolalar uyiga falsafa fanlari doktori, professor, “Mehnat Shuhrati” ordeni va “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni sohibasi Jamila Shermuxammedova boshchiligidagi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati vakillari tashrif buyurishdi. Mehmonlar bolalarga istiqlolning o‘zbek xalqi taqdiridagi ahamiyati, yosh mustaqil davlatning shakllanishi va rivojlanishi, “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” g‘oyasi nimani anglatishi haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, bolalar Ma’naviyat festivali, uning maqsadlari va ishtirokchilari haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Mehmonlar xayrlashish chog‘ida bolalarga bir paytlar o‘zlariga katta ta’sir o‘tkazgan kitoblarni sovg‘a qilishdi.