Xiva shahrida yashovchi Rahimova Leninza tomonidan tashkil etilgan oilaviy bolalar uyi farzandlari Buxoro viloyatiga sayohat qilishdi. Besh nafar bola uchun ekskursiya Sharqona ertakning sehrli olamiga qiziqarli sayohat bo‘ldi. Butun dunyoga mashxur tarixiy yodgorliklar bolalarni hayratda qoldirdi. Ular gidning Ulug‘bek va Ko‘kaldosh madrasasi qanday qurilganligi, Labi Xovuz majmuasi afsonasi haqidagi hikoyasini zavq bilan tinglashdi hamda Xo‘ja Nasriddinning hiylalarini kulgu bilan eshitishdi. Shu bilan birga zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘larida bo‘lishdi. Bolalarga sayohat juda yoqimli bo‘ldi va maktab boshlangach ular taasurotlari haqida sinfdoshlari bilan bo‘lishishdi.