2021 yilning 09 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5215-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Kasbi tumanida ham “Oilaviy bolalar uyi” tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani “Shakarjo‘y” MFY “Chimqo‘rg‘on qishlog‘i”da istiqomat qiluvchi Ulug‘bek Aralov tashabbus ko‘rsatib, “Mehribonlik uyi”da tarbiyalanayotgan 5 nafar bolalarni oila muhitiga tarbiyalashga bel bog‘lab, ularni bilimli va maʼnaviyatli hamda vatanparvar insonlar qilib voyaga yetkazishga kirishdi. Bugun mazkur tashkil etilgan “Oilaviy bolalar uyi”ning tantanali ravishda ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati, viloyat xalq taʼlimi masʼul xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olganlar xonadon egalarining xayrli ishlarini alohida eʼtirof eshitib, “Oilaviy bolalar uyi”ning keyingi faoliyatiga omadlar tiladilar. O‘ylaymizki bu kabi saxovatli ishlar, kelgusida albatta o‘z samarasini ko‘rsatadi.