Chirchiq shahrida oliy janob, mehri daryo fuqarolarimizning saʼy harakati bilan besh nafar o‘g‘il bolalar 14-sonli Mehribonlik uyidan Oilaviy bolalar uyi sari yo‘l olishdi. Mahfuza Kurganbayeva “Quvonch” Oilaviy bolalar uyini tashkil etib, Asadbek, Siroj, Baxtiyor, Georgiy, Azizbek singari bolajonlarni o‘z oilasi bag‘riga oldi. Ularni Oilaviy bolalar uyida shahar hokimligi, Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari qarshi olishib, o‘zlarining sovg‘a-salomlarini topshirishdi.
Mahfuza opaning o‘g‘illari 6 nafar bo‘ldi. Endi bolajonlar oila muhitida, shahardagi "Amir Temur" mahallasida unib o‘sadi.
Ushbu maskanda bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Aka-ukalar birgalikda kunlarini maroqli o‘tkazishadi. Bugunda yozgi taʼtil bo‘lsada, lekin ular o‘z ustilarida ishlashni to‘xtatishmagan. Birisi IT texnologiyalari bo‘yicha to‘garaklarga qatnasa, yana birisi doimiy sport bilan shug‘ullanib keladi.
Shuningdek, o‘smirlar sog‘lom ulg‘ayishi uchun muntazam ravishda suzish to‘garaklarida qatnashadi. Shuni taʼkidlashimiz kerakki, yurtimizda amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli islohotlar bolajonlarimiz baxtu kamoli uchun xizmat qiladi va ko‘plab oilalarga quvonch ulashadi.