Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, taʼlim sohasini isloh qilish bugun hukumatimiz diqqat eʼtiborida turgan dolzarb sohalardan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi tizimini isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan qonunlar, qarorlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda.
Xususan, Romitan tumanida jami 44 ta umumtaʼlim maktablari mavjud. Ulardan 43 tasi davlat umumtaʼlim maktablari, 1 ta nodavlat (yaʼni Farhod-farmon) xususiy maktabi boʻlib hisoblanadi. Hozirgi kunda tumandagi umumtaʼlim maktablarida 23 980 nafar oʻquvchilar taʼlim-tarbiya olib kelmoqda.
Bugun, 19 noyabr kuni tumanning Shoʻrcha mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 18-sonli umumtaʼlim maktabining 450 oʻrinli qoʻshimcha yangi oʻquv binosini ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tantanali ochilish marosimida tuman hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari, Milliy gvardiya mas'ullari, mahalla yettiligi, faollar, nuroniy otaxonlar, yoshlar, faxriy oʻqituvchilar, maktab jamoasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar, soʻnggi yillarda Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda maktab taʼlimini rivojlantirish, yosh avlodni munosib sharoitlarda oʻqitish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallash imkoniyatlarini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʻxtaldi va yangi oʻquv binosi bilan maktab jamoasi, oʻquvchilar va ota-onalarni muborakbod etdi.
Soʻngra mehmonlar yangi qurib bitkazilgan oʻquv binolarida, sinf xonalarida ham boʻlishib, oʻquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan soʻng, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida ekilayotgan daraxt koʻchatlari unib oʻsib ushbu yerlar bogʻu rogʻlarga aylanishini, yurtimiz tinchligini, farovonligini tilab duolar qilindi va olib kelingan turli xil manzarali koʻchatlar masʼul rahbarlar tomonidan yerga qadaldi.
Maʼlumot uchun, maktabning qoʻshimcha uch qavatli yangi oʻquv binosi investitsiya mablagʻlari hisobidan “Umarbobo” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlariga 3 milliard 968 million soʻm mablagʻ evaziga bunyod etildi.
Ushbu maktabda yangi oʻquv binosi va sport zalining qurilishi barkamol avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maʼnaviy-axloqiy muhitini sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish, ularni vatanimizning munosib fuqarolari, maʼnaviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashda, taʼlim tizimini rivojlantirishda samarali xizmat qiladi.