Milliy gvardiya boshqarmasi tomonidan viloyatdagi Oilaviy uylar farzandlari hamda "SOS-bolalar mahallalari"da yashovchi bolalarning dam olish kunini mazmunli o‘tkazish maqsadida Samarqand shahrining tarixiy obidalariga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida yoshlar Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi kabi jahon miqyosida mashhur tarixiy maskanlarni ziyorat qilib, ajdodlarimiz yaratgan boy madaniy meros bilan yaqindan tanishdilar. Ular ushbu obidalar tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlarni tinglab, o‘zbek xalqining buyuk madaniyati va me’morchiligi bilan faxrlanish tuyg‘usini his etdilar.
Tadbir jarayonida bolalar uchun ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar, shuningdek, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar tashkil etilib, ular o‘z tengdoshlar bilan quvonchli damlar o‘tkazdilar. Sayohat ularda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Mazkur ezgu tashabbus yosh avlod ongida Vatanga muhabbat, tarixiy merosga hurmat, keng dunyoqarash va mustahkam irodani shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bolalarning ma’naviy kamolotiga xizmat qilmoqda.