Tadbirda Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi, Milliy gvardiya Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi rahbariyati va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. "Oilaviy bolalar uyi“ning ochilish marosimida mutasaddilar soʻzga chiqib, xonadon egalari davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga munosib hissa qoʻshayotganligini taʼkidlab, bu kabi savobli ishlar oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatishiga ishonch bildirdi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori hamda Oilaviy bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizomni amalda rivojlantirish maqsadida Milliy gvardiya Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ezgu va xayrli ishlar natijasida Kattaqoʻrgʻon tumanidagi "Javlon“ MFY Abdal qishlogʻida yashovchi Akmal Joʻrayevlar oilasining koʻp yillik orzulari amalga oshdi. Ular begʻubor qalblarga ota-onalik mehrini ulashish maqsadida Samarqand shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyining 6 nafar tarbiyalanuvchilarini oʻz bagʻriga olishdi. Endi ular ushbu farzandlarga ota-onalik qilishib, ularning kelajakda ona yurtiga sodiq xizmat qiladigan, vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetishishlarida oʻz hissalarini qoʻshishadi.