Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugungi kunda nogironligi bor, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Qisqa davr ichida olib borilgan amaliy ishlar natijasida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ota-ona mehridan bahramand bo‘lishdek, baxtga yetishishdi.
Xususan, Samarqand viloyatida viloyat hokimligi, Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Xalq taʼlimi boshqarmasi va qator homiylar tomonidan olib borilgan tizimli ishlar va targ‘ibot tadbirlari natijasida Samarqand shahridagi 1 son Mehribonlik uyi eshiklari butkul yopildi hamda ushbu muassasadagi barcha bolajonlar yillar davomida orziqib kutgan o‘z ota-onalari va oilalariga ega bo‘ldilar.
Yil so‘nggida Pastdarg‘om tumanining "Katta nayman" MFY da 1-sonli Oilaviy bolalar uyi ochildi. Jo‘rayevlar oilasi 6 nafar o‘g‘il-qizlarni o‘z bag‘riga olishib, yana bir katta savobli ishlarga qo‘l urishdi.
Shuningdek, tumandagi Madaniy yurish mahallasida so‘nggi 2-sonli Oilaviy bolalar uyi ochildi. Ishankulov Saliijon va Hamroyeva Gulnoza yaxshi niyatlar ila oilasi bag‘riga 5 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga o‘z ota-onalik mehrini ulashish maqsadida qabul qilishdi.
Qayd etish kerakki, shu kunga qadar Samarqand viloyatida jami 9 ta Oilaviy bolalar uyi tashkil etilgan bo‘lib, mehribonlik uyida tarbiya topayotgan jami 98 nafar tarbiyalanuvchilardan 53 nafari Oilaviy bolalar uyiga topshirildi. 9 nafari farzandlikka berildi, 5 nafari vasiylikka va 9 nafari patronatga topshirilgan bo‘lsa, yana 18 nafari o‘z oilasi bag‘riga qaytarilgan. Quvonarlisi bolajonlarning 4 nafari akademik litseylarga o‘qishga kirishgan.
Oilaviy bolalar uyiga topshirilgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, ularning ertangi kunga bo‘lgan umidi va ishonchi yana-da mustahkamlanib borayotganini yorqinroq his etish mumkin.