Milliy gvardiya Markaziy devonining masʼul harbiy xizmatchilari Farg‘ona viloyatiga xizmat safari davomida oilaviy bolalar uylaridagi yashash sharoiti bilan tanishib chiqishdi. Masʼullar Qo‘shtepa tumanidagi Aminovlar, Toshloq tumanidagi Karimqulovlar, Farg‘ona tumanidagi Ro‘ziboyevlar hamda Farg‘ona shahridagi Raxmonovlar oilasiga tashrif buyurishdi.
Bolalar bilan suhbat ularning yashash sharoiti, taʼlim-tarbiyasi, qaysi sport to‘garaklariga qatnashishlari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, bolalar va oila aʼzolari orasidagi munosabatga hamda maktabdagi munosabatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Bolalarning yashashi, taʼlim olishi hamda qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, ota-onalar bilan ham do‘stona suhbat qilindi. Ularga yuridik masalalarda tavsiya va maslahatlar berildi hamda qanday qilib katta sinfda o‘qiydigan bolalarni mustaqil va o‘z hatti-harakatlariga javob beradigan qilib tarbiyalash kerakligi haqida kerakli tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, ota-onalar o‘smirlarni kasbga yo‘naltirish hamda bolalarning isteʼdod va qobiliyatlarini aniqlashda yordam berish masalalarida ko‘mak berishlarini so‘rashdi.
Tashrif davomida Milliy gvardiya vakillari bolalar va ota-onalarning boshqa savollariga ham javob berishdi, shuningdek, ota-onalar tomonidan taʼkidlab o‘tilgan dolzarb muammolarni nazoratga olishdi.