Samarqand shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi .
Mazkur kunda bolalar va kattalar davlat ramzlarining mazmun-mohiyati, vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, davlat tomonidan fuqarolarga qanday g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganligi haqida so‘z yuritdilar.
Bayram dasturining rasmiy qismi – tashkilotchilar va o‘qituvchilarning tabrik hamda kirish so‘zlaridan so‘ng bolalarni qiziqtirish maqsadida tadbirning qolgan qismi norasmiy, do‘stona suhbat tarzida o‘tkazildi.
Bolalar va kattalar O‘zbekiston bayrog‘i hilpiragan tadbir va tashkilotlarni, mamlakatimiz Davlat bayrog‘i ko‘tarilgan sportchilarimizning xalqaro musobaqalardagi yorqin g‘alabalarini esladilar.
Bayram munosabati bilan o‘quvchilar tomonidan teatrlashtirilgan miniatyuralar tayyorlandi, qo‘shiqlar kuylandi, sheʼrlar o‘qildi. Shu bilan bir qatorda yosh sportchilar sport to‘garaklarida olgan bilimlarini namoyish etdi.
Tadbir yakunda “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi va suratga tushildi.