Qo‘qon shahrida tug‘ilgan 28 yoshli Isoq Ashurovga xonadon kalitlari topshirilganda uning baxtdan koʻzlari yoshlandi. Isoqning hayoti ogʻir kechadi. U uch yoshga toʻlganida onasi, keyingi yili otasi vafot etadi. Shundan soʻng, u Mehribonlik uyiga topshirilgan. Oʻn sakkiz yoshga toʻlganida, unga yotoqxonadan xona berishgan. U yerdagi sharoitlar juda achinarli holatda boʻlgan: hojatxona, hammom, oshxonaning umumiyligi ham mayli, balki kapital taʼmirga ham muhtoj edi. Sanitariya-gigiyena talablari haqida gapirmasa ham boʻladi. Haydovchi boʻlib ishlayotgan yigitning maoshi yashash sharoitlarini yaxshilash haqida oʻylashga ham imkon bermas edi. Isoq oila qurish toʻgʻrisida hatto oʻylolmas, sababi, bu yerdagi muhit oila bilan yashashga, farzandlarni tarbiyalashga toʻgʻri kelmasdi.
Ammo oʻtgan yili, yaʼni 2022-yilda barchasi oʻzgardi. Milliy gvardiya va hokimiyat vakillari tomonidan Isoqning yashash sharoiti oʻrganilib, u 30 yoshgacha bo‘lgan uy-joyga muhtojlar roʻyxatiga kiritildi.
Va nihoyat, Isoqga Qo‘qon shahridan shinam xonadon ajratildi. U bugun nihoyatda baxtiyor. Isoq hamon hammomi, oshxonasi, hatto barcha zarur uy jihozi va anjomlari bor shinam xonadonda yashashiga ishona olmaydi.
– Uyimning eshiklari mehmonlar uchun doim ochiq, – deydi Isoq Ashurov. – Menga orzularimni amalga oshirishga yordam bergan barchaga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.