Guliston shahrida tug‘ilgan Rustam va Nail Bektemirovlar Bolalar shaharchasida katta bo‘lishgan. Ular balog‘atga yetgach, taʼlim muassasasini tark etib mustaqil hayot boshlash vaqti kelganida, aka-ukaning yo‘llari ayrildi.
Rustam Toshkentga ketib ijarada yashay boshlagan va 2019 yilda turmush qurib, bugungi kunda turmush o‘rtog‘i bilan o‘g‘il farzand katta qilmoqda. Nail esa Gulistonda qoldi. Nailning orzusi oila qurgach rafiqasi bilan yashash, totuv oila maskaniga aylantirish mumkin bo‘lgan shaxsiy uyga ega bo‘lish.
Nail Milliy gvardiya saflarida muddatli harbiy xizmatni ado etish chog‘ida, ayniqsa, oilaga ehtiyoj sezdi. Bu yerda u birodarlik va o‘zaro yordam nimani anglatishini tushundi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, biroz vaqt o‘tdi va yigitga uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan taʼlim muassasasining sobiq tarbiyalanuvchisi sifatida “Mehr daftari” elektron platformasiga kiritildi va unga xonadon ajratildi.
Xonadon kalitini tantanali topshirish marosimida hokimlik va Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakillari qatnashdi va yangi xonadonga ko‘chib o‘tishi munosabati bilan tabrikladilar. Xonadonda zarur maishiy texnika, mebellar mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, Nail endi yangi hayot boshlash uchun barcha imkoniyatlarga ega.