Dangʻara tumanida joylashgan 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internatida "Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!" shiori ostida harbiy vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi. Milliy gvardiya Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan bu galgi tadbir dastlab oʻquvchi yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida davra suhbati bilan boshlandi. Mehmonlar Vatanni yuksakka koʻtarmoq uchun insonga faqat bilimning oʻzigina emas, yurtga muhabbat tuygʻusi ham kerak boʻlishi lozimligini alohida taʼkidlashdi. Oʻquvchi yoshlar ham harbiy libos kiygan akalarini kuzatib harbiylikka havaslari ortganini yashirmadilar. Soʻngra oʻquvchilarga harbiy xizmat faoliyati, jamoat tartibini saqlashda qoʻllaniladigan maxsus vositalar hamda qurol-aslahalar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.