Ayni vaqtda “Gulbahor” oromgohida dam olayotgan 22-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilarini sahna ko‘rinishlari shu qadar zavqlantirdiki, ular tajribalarini davom ettirishga qaror qilishdi. Bu safar ular o‘zbek xalq ertagi "Zumrad va Qimmat" asari asosida spektakl sahnalashtirishdi. Shunisi eʼtiborga loyiqki, ertakdagi syujet asos qilib olindi, ammo voqealar bolalar tomonida hozirgi davrga moslashtirildi. Natijada spektakl juda jonli, qiziqarli va dolzarb bo‘lib chiqdi. Qahramonlarning liboslari va nutqi o‘zgardi, ammo ertakning mazmun mohiyati saqlanib qolindi. Bolalar o‘z talqinlari orqali kattalarga hurmat, mehr-muruvvat, madaniyat va taʼlim kabi tuyg‘ular muhim qadriyatlarimizdan ekanligini tomoshabinlarga yana bir bor eslatdi.